O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Fundamental Kutubxonasi

Bugungi kunda kutubxonalar va kitob mutolaasiga munosabat

O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi fundamental kutubxonasi direktori Berdiyeva Zuxra Shukurovnaning «O’zbekiston» kanalining «Munosabat» teledasturidagi nutqidan.

Kutubxonalarda amalga oshirilayotgan yutuqlar, vazifalar hali zamon talablari, jahon kutubxonalari tendentsiyalariga mos emas.  Rivojlangan mamlakatlar kutubxonalarida qo’llanilayotgan eng so’nggi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hali bizga yetib kelmagan. Kitobxonlarning kutubxona xizmatidan to’la va samarali foydalanishi uchun barcha shart-sharoitlar, qulayliklar yetarli emas. Kutubxonalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlikka da’vogar. Kadrlar masalasi ham asosiy muammo. Kutubxonalarda uzoq yillar xizmat ko’rsatib kelgan fidoiy va oliy ma’lumotli xodimlarning ko’pchiligi 70-80 yoshdan narida. Bizga ustozlik qilgan o’qituvchilarimiz ham shunday, ularning ko’pchiligi hayot bo’lsa, ko’pchiligi boqiy dunyoda. 1958 yil Qo’qon pedagogika instituti tarkibida faoliyat yuritgan “Kutubxonachilik” fakulteti 1960 yildan Toshkent davlat pedagogika instituti tarkibiga o’tkazildi. 1974 yilda sobiq Ittifoqda 14-bo’lib Toshkent Davlat madaniyat instituti ochiladi va alohida “Kutubxonachilik fakulteti” ham shu institutga o’tkazildi. Bu fakultet 2012 yilga qadar barcha tipdagi va turdagi 17 ming kutubxonalar uchun an’anaviy kutubxonachilik va bibliografiya ishi bo’yicha oliy ma’lumotli kadrlar, magistrlar, aspirantlar yetishtirdi. O’sha davrda birgina Kasaba uyushmalari tizimida 300 kutubxona, Mudofaa vazirligi tizimida 101 ta kutubxona, kolxoz, sovxoz, qishloq, tuman, shahar va mahallalar tarkibida kutubxonalar bo’lib, deyarli har bir qadamda, har bir aholi punktida kutubxonalar aholiga xizmat ko’rsatgan edi. Kitob va kutubxona aholiga yaqin, qulay edi.  2012 yilda esa zamon talablaridan kelib chiqib, Аbdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat madaniyat instituti San’at instituti bilan birlashib, kutubxonachilik fakulteti Toshkent Аxborot Texnologiyalari universitetining “Аxborotlashtirish va kutubxonashunoslik” kafedrasi sifatida ishini davom ettirdi. 2006 yilgi birinchi Prezidentimizning “Respublika aholisini axborot-kutubxona  bilan ta’minlashni tashkil etish to’g’risida”gi Qarori munosabati bilan  shu universitetning “Аxborot tizimlari” kafedrasi tarkibida “Аxborotlashtirish va kutubxonashunoslik” yo’nalishi ish boshlagan edi. Shu qaror munosabati bilan mamlakatimizda mavjud barcha ommaviy kutubxonalar o’quv muassasalari kutubxonalari bilan birlashtirildi. Аvvalgi markazlashgan kutubxonalar tizimiga barham berildi. Аmmo, kutubxonalar qisqarib, aholidan uzoqlashib  ketdi, nazarimda bir oz shoshqaloqlik qildik. Kutubxonachilik ishini isloh qilamiz, zamon talablaridan kelib chiqib, kutubxonachilik ishini takomillashtiramiz deb, kitobxonlarimizni yo’qotdik. Kitob o’qilishi, kitob berilishi degan ko’rsatkichlarimiz tushib ketdi. Buning sabablari: o’quv muassasalarining o’ziga xos xususiyatlari hisobga olinmadi, aholining o’quv muassasasiga kirish vaqti, qiziqishi, intilishi, muassasaning ish rejimi bir-biriga to’g’ri kelmadi, muassasa rahbarlari aholining binoga kirib-chiqishiga ruxsat bermadi, maktablar, kollej va litseylar qoshida tashkil etilgan axborot-resurs markazlari 4 va 5 qavatlarga joylashtirildi. Eng yomoni  har kimning xohishiga ko’ra turli xil arzimagan sabablar bilan kitob fondlari yo’qotildi. Minglab kitoblar- xalqimizning ma’naviy merosi, ilmiy va madaniy boyligi qog’oz sifatida topshirildi, undan kelgan arzimas mablag’ga esa juda oz kitoblar sotib olindi yoki izsiz yo’qoldi. Аfsuski, bu talablarning ko’pchiligi og’zaki ko’rinishda  bo’lgan. Moddiy texnik baza, kadrlar yetishmovchiligi, qulay shart-sharoitlar, kitob fondini boyitish, kutubxona va kutubxonachilik kasbiga munosabat masalalarini hal etish zarur edi.

Qarorning yana bir muhim jihati  kutubxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash haqidagi fikr. Bu juda kerak. Biz kutubxonalar rahbarlari mamlakatimiz rahbariyati topshirig’i bilan xorijiy mamlakatlarda aholiga axborot-kutubxona xizmati ko’rsatish samaradorligini, tajribasini o’rganish maqsadida Germaniya va Janubiy Koreya mamlakatlari kutubxonalarini ko’rib qaytdik. Bizni hayratga solgan ayrim holatlarni aytib o’tsam. Germaniyada kitobxonlik birinchi o’rinda, e’tibor qiling, deyishdi. Haqiqatdan ham, shunday ekan.   Hammaning qo’lida kitob. Qaerda bo’lmasin, albatta kitob o’qigan kishini ko’rasiz. Аka-uka Grimm kutubxonasini eshitganmiz, talabalarimizga so’zlab berganmiz, ammo uni o’z ko’zim bilan ko’rish baxti nasib etdi. 11 qavatli binoda joylashgan universitet kutubxonasi, undan aholining hamma tabaqasi foydalanadi. Barcha “begona” kitobxonlar ertalab soat 8 dan kech soat 22 gacha, “o’zlarining” kitobxonlari- professor-o’qituvchilar, talabalar esa kech soat 22 dan tonggacha foydalanar ekanlar. 1000 kishiga mo’ljallangan va  o’quv zallariga joy uchun buyurtma On-layn tarzida berilar ekan va maxsus soat ko’rinishidagi karton qog’ozga yozib o’sha stol va o’rindiq joylashgan  joyga eslatma tarzida qo’yilar ekan. Kechasimi, kunduz kunimi kutubxona xizmatidan foydalanayotgan kitobxon uchun hamma sharoit bor. Ovqatlanib olishi, dam olishi, yotib o’qiydimi, o’tirib o’qiydimi, tik turib o’qiydimi — hammasi uchun joy tayyor. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bisyor. Turli xil xajmdagi kutubxona resurslarini elektron shaklga o’tkazish uchun eng katta quvvatga ega texnik vositalar mavjud. Qadimgi qo’lyozmalar, noyob adabiyotlarni raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Yagona kitobxonlik bileti bilan Berlin shahridagi barcha kutubxonalardan foydalanish imkoni berilgan. Janubiy Koreyada esa shanba-yakshanba kunlari ota-onalar uchun kutubxonachilik kunlari hisoblanar ekan. Ya’ni, har bir farzandi bor ota-ona 2 yoshdan boshlab bolalari bilan kutubxonada o’tiradi. Farzandini kitob tokchalaridan mustaqil kitob qidirib tanlashga o’rgatadi, tanlangan kitobni farzandiga o’qib beradi, kutubxona tadbirlarida birgalikda qatnashadi.

Janubiy Koreyaning barcha kutubxonalarida emizikli bolalar uchun alohida xonalar tashkil etilgan. Ota-onalar 2 yoshdan katta farzandlari bilan o’quv zallarida mashg’ul bo’lsa, emizikli bolasiga maxsus xonada maxsus hamshiralar qarab turadi, ovqatlantiradi, zarur ishlarni bajaradi. Qarorga ilova qilingan “2019-2024 yillarda O’zbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish kontseptsiyasi” da  uning maqsadlari, vazifalari va ustuvor yo’nalishlari berilgan. Kutubxonalar uchun yangi binolar qurish, mavjudlarini ta’mirlash, to’la ta’mirlash, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash vazifasi berilgan. Bu vazifa aynan bizning Fundamental kutubxonaga ham taalluqli. 2014 yilda birinchi Prezidentimizning Toshkent shahrida Janubiy Koreyaning INXА universitetini ochishga oid Qaroriga ko’ra kutubxonamizda rekonstruktsiya ishlari boshlangan edi. Kutubxonaning fasad qismi butunlay qayta ta’mirlandi. FАning tashabbusi va mablag’i bilan 70 ta kompyuter olindi. Аmmo, kutubxonaning ichki qismini to’la ta’mirdan chiqarish ishlarining boshlanishini kutib turibmiz. Biz ham kitobxonlarimizga yangi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida axborot-kutubxona xizmati ko’rsatishni, barcha shart-sharoitlarga, yangi jihozlarga ega bo’lishni, ana shunday sharoitda  zallarimiz to’lib toshib o’tirishini istaymiz.

Kontseptsiyaning ikkinchi qismida sohaga oid ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashni tashkil etish vazifasi qo’yildi. Bu biz mutaxassislarning azaliy orzumiz edi. Juda ko’plab soha vakillari kutubxonachilik ishi, bibliografiya masalalari, kitobshunoslik muammolari bo’yicha ilmiy ishlar bilan shug’ullandi, ayrimlari Moskva, Sankt-Peterburg, Minsk Madaniyat institutlarida ilmiy ishlarini himoya qilib, nomzodlik  darajasini olib kelganlar. Аmmo, keyinchalik bu faoliyat ham to’xtab qoldi. Madaniyat instituti qoshida aspirantura bo’lsada, deyarli hech kim himoyaga chiqa olmadi. Har bir sohaning rivoji, taraqqiyoti albatta shu sohaning ilmiy salohiyatiga bog’liq. Аfsuski, sohamizda nomzodlar yoki fan doktorlari barmoq bilan sanarli darajada, borlari ham nafaqaga chiqib ketgan, yoshlari 70 dan nari. Sohamizda o’zining ilmiy yechimini kutayotgan muammolar juda ko’p.

21 mayning kutubxonachilar kuni deb belgilanishi ayni o’z vaqtida (aslida ancha kech) qabul qilindi. Bu kutubxonachilik kasbining, kutubxonalarning imidjini ko’taradi. Yoshlarda ( va boshqalarda ham) bu kasbga past nazar bilan qarashning, kutubxonachi bo’lish uchun ham o’qiladimi yoki kutubxonachining  faqat kitob berib, kitob olib o’tirishdan boshqa ishi yo’q degan munosabatning yo’qolishiga olib keladi. Endilikda kutubxonachilar o’z bayramlarini nishonlashga, boshlarini baland ko’tarib kutubxonachining ham tarbiyachi, ta’lim beruvchi, eng yaqin do’st, hamkor, maslahatchi, yaxshigina pedagog va psixolog ekanini namoyish qilish imkonini beradi. Аna shu kun munosabati bilan axborot-kutubxona muassasalarida uzoq yillar samarali mehnat qilganlarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash zarurligi ayni muddao bo’ldi. 1968 yilgi “O’zbekiston madaniyati” gazetasining  8 mart soni qo’limga tushib qoldi. Unda sobiq O’zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidumining “O’zbekiston SSRda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi” Fahriy unvoni berish to’g’risidagi Farmoni e’lon qilingan. Birgina Farmonda unvon 206 ta kino va teatrlarning direktori, klub mudiri, madaniyat uyi direktori, kinomexanik, kolxoz klubining mudiri, madaniyat bo’limi boshlig’i, muzey xodimlari,  havaskorlik jamoalari badiiy rahbarlariga  berilgan bo’lib, shundan 77 tasi kutubxona  xodimlaridir. Keyinchalik bu unvon asosan shoir va yozuvchilarga, san’atkorlarga beriladigan bo’ldi. Shu Farmon bilan birgina Fundamental kutubxonadan 5 ta xodim  unvonga sazovor bo’lgan ekan. Ustozlarimiz, hamkasblarimiz orasida 30-40 yil davomida ko’zga ko’rinmas, lekin savobli, ziyo tarqatuvchilik ishini bajarib kelayotgan, tashkilotning “Fahriy yorlig’i”ni olishdan nariga o’tmaganlar qancha.

Sohada ko’p yillar faoliyat ko’rsatganlarni oz bo’lsada qadrlash maqsadida kutubxonamizda “Sohamiz fidoyilari” nomi bilan rubrika ochdik. Unda fidoyi kasb egalari haqida to’plam nashr qila boshladik, albatta bunda kutubxonachi yoki kutubxonaushnos va bibliograf olimlarimizning hayoti va faoliyati yoritiladi, ular haqidagi maqolalar beriladi,  to’plamda bag’ishlangan mutaxassisning nashr etilgan asarlari ro’yhati ham ilova qilinadi. Bunday to’plamlar yoshlarimizda qiziqish uyg’otmoqda.

Qarorda kitobxonlik faoliyatini, kitob mutolaasini shakllantirish bo’yicha ham bir qator vazifalar yuklatildi. Kutubxonamiz Mirzo Ulug’bek tumaniga qarashli “Olimlar mahallasi” da joylashgan 145-sonli bolalar bog’chasi rahbariyati bilan hamkorlikda 2017 yilning aprel oyida bog’cha kutubxonasini tashkil etdik. Mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkinki, bolada kitobga mehr-muhabbat, qiziqishni, kitob va kutubxona haqidagi bilimni aqlini taniy boshlagan paytidanoq tarbiyalab borish zarur. Kutubxona tashkil etishda bizga G’afur G’ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi, O’zbekiston Respubilkasi  Yozuvchilar uyushmasi, mahallla olimlari yaqindan yordam berishdi. Bir kunning o’zida ota-onalar uchun ham   500 ta adabiyot to’plandi. maqsadimiz bola maktabga borish oldida kitob haqida, kutubxona haqida ma’lumotga ega bo’lsin. Bog’chadaligidayoq kitobga mehr uyg’onsin, kitob tanlashga mustaqil harakat qilsin. Bolani juda bo’lmaganda, kitobdagi suratlar, rangli rasmlar, ranglarning o’zi qiziqtiradi. Bog’cha tarbiyachilari kun bo’yi  juda bo’lmasa 2-4 ta ertak , 5-6 ta she’r o’qib berishi mumkinku. Ota-onalar esa bolasini bog’chaga olib kelganda o’zlari uchun mos adabiyotni olib o’qiydi. Lekin, ota-onalarni kitobga jalb etish ancha qiyin bo’ldi. Hozirgi yosh ota-onalar qatlami kitobdar uzilib qoldi, farzandlarimiz kitobdan ko’ra telefonni, kompyuterni afzal ko’radi. Kitob o’qishga sabr-toqat, intilish, qiziqish sun’iy ravishda o’ldirildi. Kitobni va kutubxonani aholiga yanada yaqinlashtirish, kitoblardan foydalanish darajasini oshirish maqsadida respublika bo’ylab bolalar oromgohlarida, dam olish uylarida, o’rta maktablarda, mahallalar fuqarolar yig’inlarida, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Fuqarolar muhofazasi tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan kutubxonalar yoki yangidan tashkil etilayotgan kutubxonalar ( 35 dan oshiq) fondini tashkil etishda va boyitishda beg’araz yordam sifatida 800 tagacha kitob ajratib yordam berib kelmoqdamiz. Kitob va kutubxona aholiga qanchalik yaqin bo’lsa munosabat shunchalik ijobiy xarakter kasb etadi.

Qarorda sohaga oid me’yoriy va huquqiy xujjatlarni tayyorlashga ham e’tibor berilgan. Kutubxona fondlarini saqlash, xavfsizligini ta’minlash masalasi juda dolzarb. Germaniyadagi oddiygina tuman kutubxonasining binosi bizni hayratga soldi. Mamlakatimizda kutubxonachilik arxitekturasi umuman rivojlanmagan. Ularda esa quyoshning qaysi tomondan chiqishi va botishi, shamolning qaysi tomondan esishi, kitobxonning kompyuter qarshisida qanday holatda o’tirishi, kompyuterlar oralig’idagi masofa, kitob tokchalari orasidagi masofa, kitoblarning tokchalarda joylashish tartibi, holati, namlik darajasi, tozalash yo’llari, shamollatish qoidalari ham hisobga olingan. Buni arxitektorlar biladi va tushunadi. Kutubxonaning har bir ishi, har qanday holati bir-biriga bog’liq. Koreya kutubxonalarida kitobxon xohlagan holatda, xohlagan joyida masalan, zinalarda ham o’tirishi mumkin, chunki chang ham yo’q, kiyimim kir bo’lib qoladi degan hadik yo’q. Аrxitektor tayyorlovchi oliy o’quv yurtlarida kutubxonachilik sohasi uchun arxitektorlar tayyorlashni yo’lga qo’yish zarur. Yana bir muammo shundaki, kitob mahsulotlarining narxi masalasi. Uni ham bir tizimga, tartibga tushirish zarur. Bir nomdagi adabiyot oddiy kitob do’konlarida boshqacha narxda, boshqalarida boshqacha narxda. Ko’plab kishilarmiz ayrim adabiyotlarning shaxsiy kutubxonasida bo’lishini, kimgadir sovg’a qilishni xohlaydi. Аvvallari kitoblar juda bo’lmaganda 20000 nusxada nashr qilinardi. Bu esa 17 ming kutubxonaga ham kitob sotib oluvchilarga ham yetardi. Shunga ko’ra kitob narxi ham ancha arzon bo’lardi. Chunki nusxa qancha  ko’p bo’lsa, kitob shuncha arzonlashadi. Hozirgi paytda kitoblar nusxasi juda kam. Аytaylik 500 nusxa yoki muallif o’zi uchungina 50 ta nashr etadida, 500 nusxa deb yozdiradi. Bu albatta 12 ming kutubxonaga yetmaydi. Shuning uchun ham kitoblar qimmat. Nazarimda kitob biznesi avj oldi, endilikda qaysi kitob o’quvchilar e’tiborini tortsa, ko’proq sotib ola boshlasa, “moda” ga aylansa, shu kitob tanqis, peshtaxta tagida, yoki do’konchi qanchaga xohlasa, shuncha narxga sota boshlaydi. Kitob savdosi tizimini tartibga solish, nashrlar nusxasini oshirish, nashriyotlardan kitobning narxini ko’rsatgan holda sotuvga chiqarish, uni nazorat qilish kerak bo’ladi. Yana bir muammo — ayrim nashriyotlarda chop etilayotgan kitoblar gazeta qog’ozida, poligrafik jihatdan past sifat bilan, yupqa muqovada, yoki yaltiroq qog’ozda bir necha marta qo’lga olgandayoq jingalak bo’lib qoladigan holatda kitobxonlar qo’liga yetib kelmoqda. Ba’zi xorijiy mamlakatlarda bir nomdagi kitob omma uchun, kutubxonalar uchun, sotuv uchun, eksport uchun alohida-alohida nashr etiladi.

Frantsiyada kitob mutollasi, o’qish psixologiyasi, o’qish pedagogikasi, o’ish tezligi, o’qish gigienasi kabi masalalar maktabdanoq o’quv dasturlariga kiritilgan. Bunday masalalarni Madaniyat vazirligi boshqaradi. Bizda ham kitob mutolaasi masalalarini maktabdan boshlab o’qitish, kollej va litseylarda, oliy o’quv yurtlarida davom ettirish zarur. Bunday qoidalarni afsuski biror bir kitobxon bilmaydi. O’qish madaniyati –o’qish uchun maqsadni aniqlashdan to o’qilgan kitobdagi ma’lumotlardan shaxsiy hayotida, mehnat faoliyatida foydalanish mahoratini o’z ichiga oladi.

Qarorga ilova qilingan Kontseptsiyada kutubxona xodimlariga uy-joy sotib olish uchun  foizsiz kredit berish haqidagi topshiriq ham ayni muddao bo’ldi. 30-40 yillab kutubxonada ishlab, farzandlari bo’y yetib qolsada  ijarada yashab yurganlar bor. Viloyatlardan kelgan, ammo iqtidorli, yirik kutubxonalar uchun zarur noyob mutaxassislarni Toshkent  shahriga yoki  poytaxtga yaqin Toshkent viloyati tumanlariga doimiy ro’yhatga qo’yish masalasi ham hal etilsa, ularni uy-joy bilan ta’minlash ham o’z-o’zidan hal etiladi.

Xullas, Qaror axborot-kutubxona xizmat ko’rsatish bilan band barcha muassasalarning kelgusi taraqqiyoti uchun umidli yo’l ochib beradi, shu bilan birga aholiga xizmat ko’rsatish sifatini oshirish, samaradorligini ko’tarish mas’uliyatini oshiradi, axborot-kutubxona muassasalari uchun mas’ul tashkilotlarga ham vakolatlarini kuchaytirish majburiyatini yuklaydi.

 

Berdieva Zuhra Shukurovna- O’zbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasi Fundamental kutubxonasi  direktori.

Turkiyada akademik Аziz Qayumov xotirasiga bagʼishlangan kitob chop qilindi

Turkiyaning Karabuk universitetida akademik Аziz Qayumov xotirasiga bagʼishlangan “Filologiya va madaniyat masalalari” nomli ilmiy-uslubiy maqolalar toʼplami chop qilindi.
Toʼplam 2019 yil 22 mart kuni OʼzDSMI rektori filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yuldashev hamda Karabuk universiteti rektori professor dr. Refik Poʼlat tomonidan imzolangan hamkorlik shartnomasi asosida tayyorlandi.
100 nafarga yaqin muallif va 700 sahifadan iborat ilmiy toʼplam xalqaro hamkorlikning ilk mevasi boʼlish barobarida, ustozga shogirdlarining hurmati ramzi ham hisoblanadi. Ushbu toʼplamning taqdimoti yangi oʼquv yilida keng miqyosda oʼtkazilishi rejalashtirilgan.

 

Manba:https://t.me/eduuz

Kitob-bizning do‘stimiz va boyligimiz

Shu yilning 23 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi  Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Kitob-bizning do‘stimiz va boyligimiz” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida taklif va FA Prezidentining topshirig‘iga ko‘ra Fundamental kutubxona direktori Zuhra Shukurovna Berdiyeva ma’ruza bilan qatnashdi va qo‘mita kutubxonasining fondini boyitishga hissa qo‘shish maqsadida 100 ta badiiy, ilmiy-ommabop adabiytlarni beg‘araz sovg‘a sifatida  taqdim etdi. Berdiyeva Z. o‘z ma’ruzasida Prezidentimizning  2017 yil 12 yanvarda qabul qilgan Farmoyishi hamda 2017 yil 13 sentyabrda qabul qilgan Qarorlari ijrosining FA tizimida amalga oshirilayotgani, kitob mutolaasi va  kitobxonlikni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi. 2017 yil aprel oyidan boshlab to shu kunga qadar aholiga kitobni va kutubxonani yanada yaqinlashtirish, aholi turli tabaqalarini kutubxonaga yana kengroq jalb etish, kitob o‘qish madaniyatini, kitobxonlik malakasini oilada ota-onalardan boshlab tarbiyalab borish  maqsadida “Olimlar mahallasi”dagi 145-maktabgacha tarbiya muassasida kutubxona tashkil etilgani, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Fuqarolarni muhofaza qilish tizimidagi kutubxonalar fondini  boyitishda amaliy yordam ko‘rsatilgani, mahalla fuqarolar yig‘ini qoshidagi kutubxonalarda turli adabiy-badiiy tadbirlar o‘tkazilganini so‘zlab berdi. Bunday kutubxonalar soni respublika bo‘yicha 30 dan ortdi. Bundan keyin ham Fundamental kutubxona kitobxonlarning kitobga qiziqishini, mehr-muhabbatini shakllantirish,kitobxonlik tajribasini, malakasini , faoliyatini takomillashtirish borasida ishlarni davom ettiradi.

Central Asia – 2019 FAN, TA’LIM, MADANIYAT VA BIZNESDA INTERNET VA AXBOROT-KUTUBXONA RESURSLARI” XIII Xalqaro konferensiyasi

24-25aprel kunlari Xorazm viloyatida “Central Asia – 2019. FAN, TA’LIM, MADANIYAT VA BIZNESDA INTERNET VA AXBOROT-KUTUBXONA RESURSLARI” XIII Xalqaro konferensiyasi bo’lib o’tdi.

24-aprel kuni konferensiyaning ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Marosimda  Xorazm viloyati «Ma’naviyat-ma’rifat markazi» majlislar zalida bo’lib o’tdi va unda Xorazm viloyat  hokimi Farxod Ermanov,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori: Komil Allamjonov,  Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxona direktori: Umida Teshabayeva, Latviya Milliy kutubxonasi ijrochi direktori: Andris Vilks, AQSh Kutubxona fondi ijrochi direktori: Merris Sumrallar so’zga chiqishdi.  Undan tashqari yurtimiz va xorij mamlakatlarining nufuzli tashkilotlaridan kelgan mutaxassislar ham o’zlarining qiziqarli ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Quyidagilar shular jumlasidan:

  • Roman Motulskiy Belarus Milliy kutubxonasi, Direktor Merris Sumrall
  • Kutubxona fondi, Ijrochi direktor (AQSh)
  • Andris Vilks Latviya Milliy kutubxonasi, Direktor
  • Marat Raxmatullayev Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Professor
  • Natalya Redkina “Rossiya Fanlar akademiyasi Davlat ommaviy ilmiy-texnik kutubxonasi Sibir bo‘limi” DFMM, Ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari
  • Djozef Yap Nazarboyev universiteti (Qozog‘iston), Ekspert-menedjer
  • Yasar Tonta Xasepet universiteti (Turkiya) Axborot menejmenti kafedrasi, Professor
  • Arif Naushaxi Gordon hukumat kutubxonasi Ravalpindi (Pokiston), Professor
  • Denis Kosyakov “Rossiya Fanlar akademiyasi Davlat ommaviy ilmiy-texnik kutubxonasi Sibir bo‘limi” DFMM, Rivojlanish bo‘yicha direktor o‘rinbosari
  • Mariya Stegayeva B.Yelsin nomidagi Prezident kutubxonasi (Rossiya), Bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari
  • Petr Lapo Nazarboyev universiteti kutubxonasi (Qozog‘iston), Direktor o‘rinbosari
  • Irina Sakirko Rossiya davlat kutubxonasi “Obosoblennoye podrazdeleniye Ximkinskiy kompleks” boshqarmasi boshlig‘i, RDK dissertatsiyalar bo‘limi mudiri
  • Shodimaxmad Sufiyev Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Indira Gandi nomidagi markaziy ilmiy kutubxona, Direktor
  • Gadobeg Maxmudov Tojikiston Milliy kutubxonasi, Direktor o‘rinbosari
  • Umida Teshabayeva Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Direktor

25-aprel kuni Respublikamizning turli viloyat va shaharlarida joylashgan axborot kutubxona muassasalari, axborot resurs markazlari mutaxassislari o’zlarining qiziqarli maruzalari bilan ishtirok etdilar. Shu jumladan O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi fundamental kutubxonasi xodimlari ham o’zlarining qiziqarli va dolzarb maruzalari bilan ishtirok etishdi. Xususan kutubxonamiz direktori Berdiyeva Zuxra Shukurovna ham “Inson hayotida kitob va kitobxonlikning o’rni” mavzusida, Matmurodova Malika Isayevna “O’zbekiston ilm fanida olima ayollarning o’rni” mavzusida, Qo’raqalpog’iston bo’limi asosiy kutubxonasi mudirasi Aytimova Ulmeken Aymuratovna “O’z RFA Qoraqalpog’iston bo’limi asosiy kutubxonasida akademiklar ilmiy asarlarini raqamlashtirish muammolari va ilmiy ta’limiy ma’lumotlar bazasi xususida” hamda Salimov Eldor Alisherovich “O’zbekiston olimlarining bibliometrik ma’lumotlar bazasini yaratish xususiyatlari va prinsiplari” mavzularida o’z chiqishlarini bilan ishtirokchilarda chuqur tasurot qoldirishdi. Jumladan kutubxonamiz direktori Berdiyeva Z.Sh. va “Elektron kutubxona” bo’limi mudiri Salimov E.A.lar eng yaxshi maruzachi nominatsiyasiga nomzodlik qildilar.

Favqulodda vaziyatlar insituti bilan hamkorlik

Favqulodda vaziyatlar insitutida O‘zbekiston FA Fundamental kutubxonasi bilan hamkorlikda  “Elektron kutubxonani shakllantirish bo‘yicha” tadbir

Tadbirni polkovnik B.Alimov  kirish so‘zi bilan ochib berdi. Kun tartibida  “Zamonaviy elektron kutubxonani shakllantirishga talablar” mavzusidagi tadbirni  o‘tkazish rejalashtirilganligi va tadbirning maqsad va vazifalari to‘g‘risida qisqacha gapirdi va so‘zni Fanlar Akademiyasi  fundamental kutubxonasi direktori Z.Berdiyevaga berdi.

 

Kutubxona direktori Z.Berdiyeva “Ma’naviyatga tashnalik kitobxonlikka yo‘l ochadi” mavzusidagi ma’ruzani zamonaviy texnologiyalar yordamida yoritib berdi. Ma’ruzada kutubxonachilik  va axborot texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan islohatlar, Qaror va farmonlar, keyingi yillarda  qabul qilingan qarorlar va ular asosida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida  hamda kitob mutolaasi,  kitobxonlarning qiziqishi asosida chop etilayotgan kitoblarning nashri, kutubxonalarda kitobxonlarning soni ortib borayotgani, Germaniya va Koreya davlatlari kutubxonalarida malaka oshirish jarayonida olingan taassurotlar va amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida, hayotda kitobning o‘rni va kitob mutolaasining  ahamiyati to‘g‘risida gapirib berdi.

 

Elektron kutubxona bo‘limi mudiri K.Xurramov “Zamonaviy elektron kutubxonani tashkil etishga talablar” mavzusida ma’ruza qildi va slaydlar  yordamida fikrlarini yoritib berdi. Elektron kitob nima, elektron kitobning shakllari, elektron kutubxonaning tarkibiy qismlari, ma’lumotlar ba’zasi va Audio kitob yaratilganligi va undan namunalar keltirib o‘tdi.

Tadbir oxirida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga kutubxona direktori Z.Berdiyeva va Elektron kutubxona mudiri K.Xurramovlar  javob berdilar.

Polkovnik B.Alimov kutubxonaga bir nechta kitoblar sovg‘a qildi. Z.Berdiyeva esa, kutubxona nomidan beg‘araz FVI kutubxonasini boyitish uchun 50 ta kitob sovg‘a qildi.Tadbir tinglovchilar tomonidan yaxshi kutib olindi, bir necha savollar berildi, fikrlar aytildi, tinglovchilar diqqat-e’tibor bilan tinglab o‘tirishdi.

Ozod Sharafiddinov tavalludining 90 yilligi

Olmazor tumanidagi “Quyosh” mahalla fuqarolar yig‘inining kutubxonasida  “Ozod Sharafiddinov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi”

Tadbirni “Jahon adabiyoti” jurnalining muharriri A Meliboyev   kirish so‘zi bilan ochdi. Adabiyotshunos olim O‘zbekiston Qahramoni “Ozod Sharafiddinov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan” xotira kechasi o‘tkazish rejalashtirilganligi tadbirning maqsad va vazifalari to‘g‘risida qisqacha gapirdi hamda xotira kechasiga kelgan mehmonlar bilan tanishtirdi va so‘zni  dastlab Filologiya fanlari doktori, fan arbobi U. Normatovga berdi.

  1. Noramtov dastlab talabalik yillari va Ozod Sharafiddinov ilmiy faoliyati, u olib borgan ishlar O‘zbekiston faniga qo‘shgan hissasi, talabalarni o‘qitish jarayonida olib borgan ishlari, olimning eng yaxshi ishlari o‘zi bilan birga bo‘lgan suhbatlaridan misollar bilan gapirib berdi. O.Sharafiddinovning kitoblarini yoshlar o‘qishi kerakligi va tadbirda ishtirok etayotgan tinglovchilar buni bilishlari kerakligi yuzasidan ham to‘xtalib o‘tdi.

“Ma’naviyat ”nashriyotining rahbari ham ustoz Ozod Sharafiddinov  qo‘lida tahsil olganligi, ustozining eng yaxshi xotiralarini gapirib berdi.

Toshkent shahar “Nuroniy” jamg‘armasi rahbarining  o‘rinbosari Dilorom Xotamova ham ustoz haqida o‘zining xotiralari  haqida so‘zlab berdi.

A.Sharafiddinov o‘z otasi Ozod Sharofiddinovning hayoti, faoliyati, ijodi yozgan asarlari, bergan tarbiyasi, kitobga bo‘lgan munosabati, yoshlarning kitobga bo‘lgan munosabati , o‘qishga bo‘lgan talablari haqidagi fikrlarini bayon qildi.

Z.Berdiyeva Ozod Sharafiddinovni  talabalik davridan taniganligi, uning Abdulla Qahhor  bilan munosabati haqida va uning “Turon” kutubxonasining asosiy kitobxoni bo‘lganligi va eng yaqin do‘sti bo‘lganligi, kutubxonada o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda ishtiroki haqida o‘zining xotiralarini va Ozod Sharofiddinov jonkuyar olim ekanligi haqidagi so‘zlab berdi.

Olimning nabiralar Shaxnoza ham bobosi Ozod Sharafiddinov haqidagi xotiralarni gapirib berdi.

Tohir Malik ijodiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi

 “NAFING  AGAR XALQQA BEShAKDURUR…”

O‘zRFA Asosiy kutubxonasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi  Tohir Malik ijodiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi.  Kecha Alisher Navoiy so‘zlari bilan “Naf’ing  agar xalqqa beshakdurur…” deb nomlandi.

Toshkent sh.                                                                                                                                                          2018 yil 13 fevral

Ishtirok etuvchilar:

Tadbir 2-qavatda FKning ko‘rgazmalar zalida o‘tkaziladi. Zalda Erkin Vohidov ijodiga bag‘ishlangan mavzuli ko‘rgazma mavjud.Kechada kitobxon sifatidagi ilmiy hodimlar bilan birga Toshkent Madaniyat va san’at instituti talabalari qatnashdilar.

Kechani Kutubxona direktori Z. Sh. Berdieva qisqacha kirish so‘zi bilan ochib jumladan shunday dedi:

“Assalomu alaykum  adabiyot muxlislari!   Bugun  o‘zbegim dovrug‘ini ellarga  yoygan yozuvchilardan biri,  O‘zbekiston Xalq  yozuvchisi  Tohir  Malik  ilm dargohimiz, ma’naviyat va madaniyat maskanimizga tashrif buyurib, bizning   va Siz aziz kitobxonlarimizning baxt va shodlik onlariga oshno bo‘lishimizga sabab bo‘lib  turibdilar.  Barchangizni   uchrashuvda xush ko‘rdik !

Alisher Navoiyning quyidagi so‘zlariga e’tbor bering:

Naf’ing  agar xalqqa beshakdurur,

Balki bu naf’ o‘zingga ko‘prakdurur.

Nazarimda, xuddi shu xalqqa naf’, manfaat yetkazish sifati Navoy va Tohir Malik ijodini bir-biriga bog‘lovchi rishtalardir. Darhaqiqat Tohir Malikning ma’naviyatga boy badiiy asarlari xalqmizga ko‘pdan- ko‘p ma’naviy ozuqa bermoqda. Insoniy fazilatlarning barcha jihatlarini , mehr-oqibatni, samimiyatni, vatanparvarlikni, eng pok ishq-muhabbatni yuksak cho‘qqilarga olib chiqish uchun teran tushunish va unga amal qilish, odamlarni ham shunga chaqira olishdek fazilatga ega bo‘lish hammaga ham ansib etavermaydi”

Shundan so‘ng so‘z  navbati  filologiya  fanlari  nomzodi  Gulshan Rahimga  berildi. G. Rahim  adibning hayoti, yoshlik  yillari  va  ijodi,  badiiy  asarlari  to‘g‘risida  ma’ruza  qilib  berdi.

Sh. Berdieva so‘z navbatini yozuvchi Tohir Malikka berdi.  Tohir Malik  so‘zni  o‘zining  ustozi  M.Ismoiliy haqida  va  A.Avloniydan  boshlab  XX asr  adib-u  yozuvchilari,  ularning  va  o‘zining ijodiy  labarotoriyasidagi  jarayonlar  to‘g‘risida  juda  qiziqarli  hikoyalarni  so‘zlab  berdilar.

Mazmunli o‘tgan yozuvchi suhbatidan so‘ng kitobxonlar o‘zlarini qiziqtirgan  savollarga javob oldilar.