Shu yilning 23 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi  Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Kitob-bizning do‘stimiz va boyligimiz” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida taklif va FA Prezidentining topshirig‘iga ko‘ra Fundamental kutubxona direktori Zuhra Shukurovna Berdiyeva ma’ruza bilan qatnashdi va qo‘mita kutubxonasining fondini boyitishga hissa qo‘shish maqsadida 100 ta badiiy, ilmiy-ommabop adabiytlarni beg‘araz sovg‘a sifatida  taqdim etdi. Berdiyeva Z. o‘z ma’ruzasida Prezidentimizning  2017 yil 12 yanvarda qabul qilgan Farmoyishi hamda 2017 yil 13 sentyabrda qabul qilgan Qarorlari ijrosining FA tizimida amalga oshirilayotgani, kitob mutolaasi va  kitobxonlikni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi. 2017 yil aprel oyidan boshlab to shu kunga qadar aholiga kitobni va kutubxonani yanada yaqinlashtirish, aholi turli tabaqalarini kutubxonaga yana kengroq jalb etish, kitob o‘qish madaniyatini, kitobxonlik malakasini oilada ota-onalardan boshlab tarbiyalab borish  maqsadida “Olimlar mahallasi”dagi 145-maktabgacha tarbiya muassasida kutubxona tashkil etilgani, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Fuqarolarni muhofaza qilish tizimidagi kutubxonalar fondini  boyitishda amaliy yordam ko‘rsatilgani, mahalla fuqarolar yig‘ini qoshidagi kutubxonalarda turli adabiy-badiiy tadbirlar o‘tkazilganini so‘zlab berdi. Bunday kutubxonalar soni respublika bo‘yicha 30 dan ortdi. Bundan keyin ham Fundamental kutubxona kitobxonlarning kitobga qiziqishini, mehr-muhabbatini shakllantirish,kitobxonlik tajribasini, malakasini , faoliyatini takomillashtirish borasida ishlarni davom ettiradi.