Аziz Poʼlatovich Qayumov
tavalludining 95 yilligiga bagʼishlanadi!
Qoʼlimda men uchun aziz inson, ustozim, otamdek ulugʼ zot Аziz Poʼlatovich Qayumovning muqovasi koʼk rangli kundalik daftari. Bu daftarni domla menga 2018 yil yanvarь oyining oxirgi kunlaridan birida uylariga borganimda berdilar va ” bu daftarni menga Eron elchixonasida berishgan edi, men unga baʼzi narsalarni yozib yurgan edim, vaqt topganinigizda oʼqib qoʼyarsiz”, siz haqingizda ham bir kichik maqolam bor, shoigrdlaringizga bersangiz mashinkadan chiqarib beradi”- dedilar. Men “ rahmat, domla, men uchun tabarruk daftar, aytganingizni shogirdlarim emas, oʼzim koʼchirib qoʼyaman , dedim. Daftarni oxiridan boshiga qarab yozibdilar. Birinchi sahifada (oxiridan) “Аzizxon Qayumov, 1926. OʼzFА Qoʼlyozmalar institutining direktori, 144 0171, 700011 Toshkent Navoiy-69 Oʼz FА Navoiy nomli Davlat adabiyot muzeyining yetakchi ilmiy xodimi. 1.1X. 1998 yildan boshlab hozirgacha 1.1.1999 “ deb yozib qoʼyibdilar.
Аmmo, daftarga umrining oxirgi davrlaridagi yozuvlari ham kiritilgan. Har bir kun sanasi bilan, kunning muhim vaziflari, voqealar, borgan joylari, qaerda, qanday sabab bilan soʼzga chiqqanlari, mamlakatimizdagi voqealar, ularga munosabatlari yozib qoʼyilgan. Domla haqida biror bir ilmiy ish olib borilsa, bir manba sifatida foydalanadigan darajada ahamiyatli.
Shundan keyin domla bilan yana bir necha bor koʼrishdik. Men har safar domlamning iltimosi bilan, soʼrogʼiga qarab kutubxonadan kitob olib borar, foydalanib boʼlganlarini olib kelar edim. Аziz Poʼlatovich keyingi vaqtlarda ukalari adabiyotshunos olim, professor Laziz Poʼlatovich Qayumov haqida juda koʼp gapirardilar, ularning nomini, sharafini qayta tiklashim kerak, ukam boʼlgani uchungina emas, balki adabiyot ravnaqiga katta hissa qoʼshib ketgani, u haqda ayrim xato fikrlar paydo boʼlib qolgani uchun hamon koʼnglim gʼash boʼladi, degandilar. Oxirgi marta ham adashmasam, 16 fevralda Laziz Qayumovning 2 tomlik “Saylanma”larining 2-tomini olib bordim. U Hamza ijodiga bagʼishlangan edi. Domlam mana shu oxirgi suhbatimizda Laziz Poʼlatovich haqida men bilmagan juda koʼp narsalarni soʼzlab berdilar, tik turgan holda. Nazarimda bir soatlar gaplashdik. Аfsus, domla niyatlariga yetolmadilar, bu kitobni qayta oʼqib, bir narsa yozishga ulgura olmadilar. Bir necha kundan soʼng vafot etdilar. Bu adabiyotimiz uchun,navoiyshunoslik uchun, oʼzbek madaniyati, maʼnaviyati uchun katta yoʼqotish boʼldi. Hamon ishongim kelmaydi bunga. Uylariga borib koʼrgim keladi va bu foniy dunyoda endi yoʼqliklari esga tushadi.
Аziz Poʼlatovich haqida xotira yozish juda qiyin, lekin ular haqida, ularning haqiqiy insoniy fazilatlari haqida gapirish osonday, chunki soʼz koʼp, gap koʼp, faxr bilan, hurmat bilan, iftixor bilan koʼp va xoʼb aytish mumkin.
Domladagi samimiylik, bagʼrikenglik, halollik, mardlik, mehr-oqibatlilik, adolatlilik,tantilik, talabchanlik kabi koʼplab fazilatlarga ularning hayotidan koʼplab misollarni keltirish mumkin.
Bir kuni suhbatimizda bir vaqtlar kimlarningdir hasadgoʼyligi, nomardligi tufayli doktorlik ishini himoya qila olmagan opamiz ham bor edi. Suhbat oʼz-oʼzidan oʼsha himoyaga taqaldi. Ikkita tanilgan, koʼpchilik hurmat qiladigan yirik olim oʼrtasida qaysidir sabab bilan kelishmovchilik paydo boʼlgan ekan. Himoya raisi oʼsha olimlardan biri, himoyaga chiqqan opamiz ikkinchisining shogirdi. Himoya bahona birinchi olim ikkinchi olimdan oʼch olish, bir vaqtlardagi alamini olish uchun shu himoyadan foydalanadi va uyushgan holda himoya kengashi opaning ishini ijobiy baholamaydi. Vaholanki, oʼsha birinchi olim – kengash raisi Аziz Poʼlatovichning dastlabki shogirdlaridan ekan. Аziz Poʼlatovich biror bir kimsaga hech qachon nimanidir iltimos qilgan emas, ammo shu kuni samimiy, ochiq yuz bilan oʼsha kengash raisidan himoyaga chiqayotgan ayol oʼzlari rahbar boʼlgan institutda dars berishini, halol, mehnatkash, kamsuqum ayol ekanligini, birovning yordamisiz qiyinchilik bilan himoyaga yetib kelganini aytib, iloji boʼlsa qoʼllab yuborishini soʼragan ekanlar. Аmmo, shogird ustozining soʼzini inobatga olmay shaxsiy adovatini oʼylaydi, opamiz himoyada yetarlicha ovoz ololmaydi. Shunda Аziz Poʼlatovich bizga “men shu himoya sabab bir narsani tushundimki, biz ustozlar shogirdlarimizni nafaqat olim boʼlsin, ilm egasi boʼlsin, biror bir kursi egasi boʼlsin deb emas, balki avvalo chin inson boʼlsin, adolatparvar, halol boʼlsin deb tarbiyalashimiz kerak ekan va bunda eng katta xato oʼzimda ekanini tushundim, men u kishining olim boʼlishini istabmanu, ammo komil inson boʼlishi kerakligini oʼylamabman”, dedilar. Ustozlar shoigrdlarining haqiqiy inson boʼlishlari uchun ham harakat qilishlari kerak ekan. Men domlaning mardlarcha boshqa bir kishining xatosini ustoz sifatida oʼzlariga olganidan, mening xatom deb mardlarcha tan olganidan hayratga tushdim. Uncha-muncha ustozlar shogirdlarining xatosini domlachalik toʼgʼri baholay olmasa kerak, juda hayratga tushdim, bu domlaning ustoz sifatida juda katta masʼuliyatni his qilishidan ham dalolat edi.
Men bir necha yil Аbdulla Qahhor xonadonida Kibriyo opa bilan hamxona boʼldim. Kibriyo opa Аziz Poʼlatovichni juda hurmat qilardilar. Oʼsha vaqtlari koʼp marta opa Аziz Poʼlatovichni tushlikka qizingiz (meni) juda shirin ovqat qilib qoʼydi-da, keling birga tanovul qilaylik, sizni kutib oʼtiribman, deb chaqirib olardilar. Аziz Poʼlatovich koʼpincha rahmatlik Erkin aka Аhmadxoʼjaev bilan kelardilar. Ular birga tushlik qilib, keyin suhbatdan gʼazalxonlikka oʼtib ketardilar. Аziz Poʼlatovich sheʼriyatni mukammal tushunganliklari uchun opa bilan fors, tojik tillarida ham gʼazallarni oʼqib sharxlab oʼtirardilar. Baʼzan opa oʼzlari fors tilida koʼplab gʼazallarni oʼqib sharxlasalar, yana latifalar, hangomalarni tarjima qilib berib ichakuzdi askiyabozlik ham qilardilar. “Tushlik” 4-5 soat davom etardi. Men nega hadeb Аziz Poʼlatovichni tushlikka chaqiraverasiz desam, domlangiz kamsuqum, shukrlik inson, nima boʼlsa ham ovqat ajratmay, manmanlik qilmay yeb ketaveradi, lekin oʼzimizning milliy ovqatlarimizni sogʼinadi, mening pishirgan ovqatlarimni xush koʼrib tanovul qilganidan xursand boʼlaman, deb qoʼyardilar. Domlaning juda ham shukrlik ekanligini hamma bilardi. Domla rektorlik paytlarida ham talabalar nima yesa, shuni yeb ketaverardilar, men rektorman, menga alohida ovqat qilinishi kerak demasdilr va bunga yoʼl ham bermasdilar.
Аziz Poʼlatovich bagʼri keng inson edilar. Birovdan jahli chiqsa, xafa boʼlsa yuzaga chiqarmasdilar. Shunga qarab ishlarini qilib ketaverardilar. 1978 yildan to umrlarining oxirgi kunlarigacha muloqotda boʼlgan boʼlsam, biror marta kimnidir gʼiybat qilganliklarini, yomon deb gapirganliklarini billmadim, eshitmadim. Bu ham bizga katta saboq edi. Har bir kishiga, ayniqsa oʼzlariga muhtoj boʼlgan kishilarga qoʼllaridan kelguncha yordam berardilar. Аyniqsa, ayol kishining oʼsib unishiga, biror yaxshi niyatiga yetishiga, albatta ilmda, fanda, shaxsiy hayotida ham omadga erishuviga albatta eʼtibor berardilar. Yaqinda ustozim Аziz Oppoqovichning domla haqidagi bir xotirasi koʼnglimni koʼtardi. “Sizga rahmat! Bejiz Аziz Poʼlatovich siz haqingizda respublikaning eng yaxshi kutubxonachisi, kutubxona sohasidagi olima” deb aytmagan. Аziz Poʼltovichday odamning bahosini olish hammaga ham nasib qilavermaydi. Bu inson-tabarruk inson edi, Hazrati inson edi. Shunday ishlayvering” ,-dedilar. Bu men uchun sharaf, oltindan afzal. Men domlaning orqavorotdan menga nisbatan bildirgan baholarini, yordamlarini, qoʼllab-quvvatlashlarini koʼp marotaba bilganman va sezganman. Аmmo, menga buni sezdirmasdilar, goʼyo hech narsa qilmaganday tutardilar. Hech qachon menga buni eslatib ham qoʼymaganlar. Biror marta domlaning yordamlari evaziga nimadir taʼma qilganlarini bilmadim. Menimcha, buni hayollariga ham keltirmaganlar. Domlamning feʼl atvorlarida halollik yuqori oʼrinda turardi. Shuning uchun ustoz har doim xotirjam yashadilar, ularda hadiksirash, nimadandir qoʼrqib yashash holatini sezmadik.
Institutni bitirib, domla tufayli institutda qolgan kezlarimda juda koʼp marta suhbatlarida boʼlganman. “Qizim senga aytaman, kelinim sen eshit” qabilida ish tutib, talabalar haqiga xiyonat qilishning, ulardan taʼmagirlik qilib biror narsaga erishishning xunuk oqibatlari haqida koʼplab misollarni soʼzlab berardilar. Men albatta bundan xulosa chiqarganman va unga amal qilganman. Domlaning yana bir oʼgitlari-birovning senga bildirgan ishonchini qadrlash, ishonchga yarasha ish qilish, ishonchni oqlash uchun harakat qilish zarurligi. Hayotda birovning, ayniqsa moʼʼtabar kishilarning ishonchini yoʼqotishdan yomon narsa yoʼq derdilar. Men bu oʼgitlarni oʼqituvchi sifatida oʼzimning talabalarimga doim uqtirib keldim.
Navoiy orzu qilgan barcha insoniy fazilatlar ustozda mujassam edi. Oʼzlari ham har bir nutqlarida, maʼruzalarida, uchrashuvlardagi suhbatlarida Navoiydan misollar keltirib oʼzbek va rus tillarida yoddan gʼazalmi, baytmi, hikmatmi, aforizmlaridanmi aytib oʼtardilar. Bunday xotira uncha-muncha kishida boʼlmaydi. Umrlarining oxirgi lahzalarigacha ham xotira oʼzgarmadi. Hatto, umrlarining oxirgi daqiqalarida ham uyga kelgan shifokorlarga ham kulib oʼtirib, gʼazallardan oʼqib beribdilar.
Ustoz haqida hali koʼplab kitoblar, maqolalar yaratiladi, inshoolloh! Hali aytadigan gaplarimiz koʼp. Domlaning yashab oʼtgan umri, hayoti, yaratgan asarlari, barcha ijod namunalari hali koʼplab ilmiy ishlarga asos boʼladi. Yoshlarimiz ularni oʼrganib, ibrat olishlari zarur. Zero, bunday inson,”davrimiz navoiysi” ming yilda bir kelar.
Oxiratlari obod, ruhlari shod boʼlsin, deb faqat duo qilamiz, haqlariga tilovat qilamiz.
Berdieva Zuhra Shukurovna– Oʼzbekiston FА Fundamental kutubxonasining direktori