“NAF’ING AGAR XALQQA BEShAKDURUR…”
O‘zRFA Asosiy kutubxonasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik ijodiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi. Kecha Alisher Navoiy so‘zlari bilan “Naf’ing agar xalqqa beshakdurur…” deb nomlandi.
Toshkent sh. 2018 yil 13 fevral
Ishtirok etuvchilar:
Tadbir 2-qavatda FKning ko‘rgazmalar zalida o‘tkaziladi. Zalda Erkin Vohidov ijodiga bag‘ishlangan mavzuli ko‘rgazma mavjud.Kechada kitobxon sifatidagi ilmiy hodimlar bilan birga Toshkent Madaniyat va san’at instituti talabalari qatnashdilar.
Kechani Kutubxona direktori Z. Sh. Berdieva qisqacha kirish so‘zi bilan ochib jumladan shunday dedi:
“Assalomu alaykum adabiyot muxlislari! Bugun o‘zbegim dovrug‘ini ellarga yoygan yozuvchilardan biri, O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Tohir Malik ilm dargohimiz, ma’naviyat va madaniyat maskanimizga tashrif buyurib, bizning va Siz aziz kitobxonlarimizning baxt va shodlik onlariga oshno bo‘lishimizga sabab bo‘lib turibdilar. Barchangizni uchrashuvda xush ko‘rdik !
Alisher Navoiyning quyidagi so‘zlariga e’tbor bering:
Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,
Balki bu naf’ o‘zingga ko‘prakdurur.
Nazarimda, xuddi shu xalqqa naf’, manfaat yetkazish sifati Navoy va Tohir Malik ijodini bir-biriga bog‘lovchi rishtalardir. Darhaqiqat Tohir Malikning ma’naviyatga boy badiiy asarlari xalqmizga ko‘pdan- ko‘p ma’naviy ozuqa bermoqda. Insoniy fazilatlarning barcha jihatlarini , mehr-oqibatni, samimiyatni, vatanparvarlikni, eng pok ishq-muhabbatni yuksak cho‘qqilarga olib chiqish uchun teran tushunish va unga amal qilish, odamlarni ham shunga chaqira olishdek fazilatga ega bo‘lish hammaga ham ansib etavermaydi”
Shundan so‘ng so‘z navbati filologiya fanlari nomzodi Gulshan Rahimga berildi. G. Rahim adibning hayoti, yoshlik yillari va ijodi, badiiy asarlari to‘g‘risida ma’ruza qilib berdi.
Sh. Berdieva so‘z navbatini yozuvchi Tohir Malikka berdi. Tohir Malik so‘zni o‘zining ustozi M.Ismoiliy haqida va A.Avloniydan boshlab XX asr adib-u yozuvchilari, ularning va o‘zining ijodiy labarotoriyasidagi jarayonlar to‘g‘risida juda qiziqarli hikoyalarni so‘zlab berdilar.
Mazmunli o‘tgan yozuvchi suhbatidan so‘ng kitobxonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.