2024 yil 28 may kuni Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan “Quyosh” mahallasi kutubxonasida Fanlar akademiyasi Fundamental kutubxonasi bilan hamkorlikda akademik Naim Karimov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Naim Karimov 1932-yil 12-dekabrda Toshkentda tug‘ilgan. O‘rta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. 1993-yilda unga filologiya fanlari doktori ilmiy darajasi, 1994-yilda esa professor ilmiy unvoni berilgan.
Uning ilmiy izlanishlari, asosan, XX asr o‘zbek adabiyotini o‘rganish, jadid adiblari – Cho‘lpon, Fitrat, Hamza ijodi bilan bog‘liq. Olim O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi bosh tahririyati a’zosi ham bo‘lgan.
Ilmiy faoliyati uchun Naim Karimov 1996-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Akademik, adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Naim Karimov 2023-yil 17-sentabrda 91 yoshida vafot etdi.
Fundamental kutubxona tomonidan kitob ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tadbirda Naim Karimovning rafiqalari, o‘g‘illari, nevaralari, shogirdlari, muxlislari ishtirok etdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “Tafakkur” jurnalining muharriri Erkin A’zam, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov, filologiya fanlari doktori, professor Xamidulla Boltaboyev, adabiyotshunos olim, Shuhrat Rizayev, shoira Sharifa Salimova, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori o‘rinbosari Murod Zikrullayevlar so‘zga chiqdilar.








