Fanlar akademiyasi Fundamental kutubxonasi direktori, ko‘p yillik fidokorona mehnati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Zuhra Shukurovna Berdiyevaning 70 yillik yubileyi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Zuhra Shukurovna Berdiyeva 1956-yil 28-sentabrda Sirdaryo viloyati Guliston tumanida tavallud topgan. 1974–1978-yillarda Toshkent davlat madaniyat institutida tahsil olgan. 2011-yil 1-avgustdan buyon Fanlar akademiyasi Fundamental kutubxonasiga rahbarlik qilib kelmoqda.
Zuhra Shukurovnaning qariyb yarim asrlik kutubxonachilik faoliyati davomida ilm-fan, ma’rifat va kitobxonlik rivojiga katta hissa qo‘shgan. U “Abdulla Qahhor”, “Alisher Navoiy”, “Oybek” bibliografiyalari, “Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar bibliografiyasi” kabi muhim nashrlarni tayyorlashda ishtirok etgan. Shuningdek, “Kutubxonashunoslik” darsligi hamda 30 dan ortiq ilmiy-uslubiy qo‘llanma va maqolalar muallifidir.
Uning ko‘p yillik samarali mehnati munosib e’tirof etilib, “Mehnat faxriysi”, “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi”, “Axborot-kutubxona a’lochisi” kabi faxriy nishon va e’tiroflarga sazovor bo‘lgan.
Yubiley tadbirida Zuhra Shukurovnaning hayot yo‘li, mehnat faoliyati, kutubxona va kitobxonlik sohasiga qo‘shgan hissasi haqida samimiy fikrlar bildirildi. U kishiga uzoq yillar davomida samarali faoliyat olib borish, yosh avlodni kitobga va ilm-ma’rifatga oshno etish yo‘lidagi ezgu ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaklari bildirildi.
Zuhra Shukurovna Berdiyevani 70 yoshli yubileyi bilan samimiy muborakbod etamiz! Mustahkam sog‘lik, uzoq umr, oilaviy xotirjamlik, baxt-saodat hamda kelgusi faoliyatlarida yangi yutuqlar tilaymiz!







