Bugun joriy yilning 4-iyun kuni FA Fundamental kutubxonasida professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Aziz Oppoqovich Toʻrayev tavalludining 90 yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Ushbu tadbirda “Sharof Rashidov siyratiga chizgilar” nomli publitsistik asar taqdimoti boʻlib o‘tdi. Asarning yaratilish tarixi haqida qiziqarli maʼlumotlar berildi. Mazkur kitob ustozning jurnalistlarga bergan ikki intervyusi asosida nashr etilgan bo‘lib, unda davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning hayoti hamda faoliyatiga oid muhim xotiralar o‘z aksini topgan.
Shuningdek, tadbir doirasida Aziz Oppoqovich Toʻrayevning hayot yo‘li va serqirra faoliyatiga bag‘ishlangan “Umrning havasli yo‘llari” nomli to‘plamning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Unda ustozning hamkasblari, shogirdlari va izdoshlari so‘zga chiqib, uning ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohalaridagi ulkan xizmatlari, insoniy fazilatlari hamda yoshlarga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi haqida samimiy fikr va xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar.
Aziz Oppoqovich Toʻrayevni tavallud ayyomi bilan qutlash uchun tadbirga bir qator taniqli san’at namoyandalari tashrif buyurdilar. Jumladan, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Xayrulla Lutfullayev, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti Milliy qoʻshiqchilik kafedrasi professori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, “Doʻstlik” ordeni sohibi Ahmadjon Dadayev hamda Oʻzbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov oʻzlarining dilbar va ohangrabo qoʻshiqlari bilan yigʻilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdilar.
Tadbirda tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov, “Turon” FA akademigi va Fundamental kutubxona direktori Zuhra Berdiyeva, Xayrulla Lutfullayev, Ahmadjon Dadayev, Mirpo‘latov Husan hamda Orolmirzo Safarov so‘zga chiqib, Aziz Oppoqovich Toʻrayevning ilmiy, ma’rifiy va ijtimoiy faoliyatini yuksak baholadilar. Ular ustozga bo‘lgan chuqur hurmat va ehtiromlarini bildirib, uzoq umr, mustahkam sog‘liq va yangi ijodiy yutuqlar tiladilar.
Mazkur tadbir ustozning boy hayotiy tajribasi, fidokorona mehnati va ma’naviy merosini e’zozlashga bag‘ishlangan samimiy va unutilmas uchrashuv sifatida barchada yorqin taassurot qoldirdi!







