Kun: <span>20.11.2020</span>

Home / 2020 / Noyabr / 20 (Juma)
Ravshan Yo’ldosh
Maqola

Ravshan Yo’ldosh

Og'ir-og'ir qadam tashlab uydan chiqdi. Jim-jit. Bir muddatga to'xtadi, pushaymonu armon ko'rgiligi soya solgan ko'zlarini ko'kka qadadi. Gardsiz samo behad yiroq ko'rindi ko'zlariga. Oyog'i ostidagi zamin esa tosh metinday tuyuldi. Endigina tushundi qanchalik gunohga botganini, endigina angladi vaqtni orqaga qaytarib bo'lmasligini, qora yer yutganini qaytarmasligini...
— Ey, Xudo... — nola chekdi u, — uch yil... dahshatli uch yil!
Hali o'ttiz yoshga ham kirmagan yigitning armonga aylanib vujudini larzaga solgan pushaymoni dardi-dunyosini ostin-ustun qilib, ko'zlaridan yosh, bug'zidan faryod bulib keldi. Sharti ketib, parti qolgan qariya misol oyoqlarini sudrab hovli o'rtasiga yetgach, taqir yerga o'tirib qoldi. Huddi umrida birinchi marta ko'rayotganday uyiga uzoq razm soldi. Hayhotdek koshona go'yoki ko'z o'ngida qaltirab-qaqshab, somon shuvoqli eski uyiga aylandi. Hovlini o'rab turgan baland g'ishtin devorlar pastak devorga aylandi,hovuzu favvora yo'qolib, ular o'rnida hom g'ishtdan qurilgan supa paydo bo'ldi. Supa ustida esa... o't bosgan uchta qabr...